Жавоб
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 302-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat muassasalari toʻgʻrisida”gi nizomning 2-bandiga muvofiq davlat muassasasi boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda toʻliq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik shaxs hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 41-moddasi beshinchi qismiga muvofiq, ilgari bildirilgan (belgilangan) har qanday daromad, shu jumladan har qanday turdagi qarz majburiyatlari boʻyicha diskont tarzida olingan daromad (uni rasmiylashtirish usulidan qatʻiy nazar), shu jumladan pul omonatlari boʻyicha olingan daromad foizlar deb eʻtirof etiladi.
Soliq kodeksining 344-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs tomonidan notijorat va budjet tashkilotlariga mablagʻlarni depozitga joylashtirishidan toʻlanadigan foizlarga toʻlov manbaida Soliq kodeksining 337-moddasi birinchi qismi 12-bandida belgilangan miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha soliq solinadi va bunday daromadlar oluvchilarning soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat muassasalariga depozitlarga joylashtirilgan mablagʻlardan foizlar toʻlanganda, yuridik shaxslarning foyda soligʻi toʻlov manbaida (bank tomonidan) ushlab qolinadi. Bunda mazkur foizlar davlat muassasasining foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.