Жавоб
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 885-sonli qarorining 2-bandiga asosan elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) sifatida faqat yuridik shaxslar - Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkin.
Elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga oʻzining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida maʼlumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor elektron tijorat operatori hisoblanmaydi.
Elektron savdo platformasi - internet jahon axborot va telekommunikatsiya tarmogʻidan foydalangan holda, quyidagilarni taʼminlaydigan dasturiy apparat majmuasi yoki axborot-telekommunikatsiya tizimi sotuvchi tomonidan isteʼmolchini tanishtirish uchun elektron tijorat tovarlarini sotish boʻyicha takliflar joylashtirish, elektron tijorat tovarlarini reklama qilish, oldi-sotdi shartnomasi yoki boshqa shartnomalar tuzish, elektron toʻlovlarni amalga oshirish, tijorat tovarlarini isteʼmolchiga yetkazib berishni tashkil etish hisobidan tovarni isteʼmolchiga masofadan sotish imkoniyatini yaratib beradi.
Bunda tovarlarni sotish, sotib olish, saqlash, oʻtkazish, yetkazib berish uchun arizalarni qabul qilish, oʻz nomidan tovarlarni yetkazib berish va saqlash, sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida elektron toʻlovlarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish, tovar xaridorga yetkazib berilgandan soʻng mablagʻlarni sotuvchiga oʻtkazib berish yoʻli bilan mablagʻlarni deponentlash (eskrou),elektron savdo platformasi operatori tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish, elektron savdo platformasi bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni bajaradi.
Soliq kodeksining:
279-moddasiga asosan agar chet el yuridik shaxsi jismoniy shaxslarga Soliq kodeksining 282-moddasida koʻrsatilgan, realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlar koʻrsatadigan boʻlsa, va agar bu yuridik shaxsning oʻzi vositachilarsiz xizmatlarni oluvchi boʻlgan jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirsa, chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) toʻgʻrisidagi ariza va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan roʻyxati tasdiqlanadigan boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Shunday xizmatlarda soliq agenti deb eʼtirof etiladigan vositachi boʻlgan chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) xuddi shunday tartibda amalga oshiriladi.
Hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) toʻgʻrisidagi ariza chet el yuridik shaxslari tomonidan soliq organiga elektron shaklda xizmatlar koʻrsatish boshlangan (tugatilgan) kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay beriladi.
351-moddasiga asosan norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan va doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan olinadigan soliq norezidentga daromad toʻlovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi. Soliqning ushlab qolinishi soliq toʻlovchining daromadlaridan bunday daromadlarning har bir toʻlovi paytida amalga oshiriladi.
Bunday daromadlarga norezidentga tegishli boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti orqali tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish doirasida topshiriq shartnomasi va boshqa aynan oʻxshash fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida sotiladigan tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar ham kiradi.
Bu daromadlar hujjatlar bilan tasdiqlangan, norezident tomonidan realizatsiya qilingan tovar uchun olinadigan summaning uni olishdan oshgan qismi sifatida belgilanadi. Tovarlarni sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, soliqni ushlab qolish norezident tomonidan olinadigan barcha summadan amalga oshiriladi.
255-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining hududi realizatsiya qilish joyi boʻlgan tovarlar (xizmatlar) soliq toʻlovchilar sifatida soliq organlarida hisobda turmagan chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq agentlari tomonidan ushbu tovarlarni (xizmatlarni) aksizlar (aksiz toʻlanadigan tovarlar uchun) va soliq hisobga olingan holda realizatsiya qilishdan olingan daromadning summasidan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisoblab, toʻlab beradilar. Bunda soliq agentlari deb eʼtirof etiladigan shaxslar tegishli soliq summasini hisoblab chiqarishi, soliq toʻlovchidan, u soliq toʻlovchi ekanligidan yoki soliq toʻlovchi emasligidan qatʼi nazar, uni ushlab qolishi va budjetga oʻtkazishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-sentabrdagi “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi OʻRQ-792-sonli Qonunining 7-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi. Vakolatli organ elektron tijorat sohasini tartibga solishni amalga oshiradi va mazkur sohadagi davlat siyosatini roʻyobga chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida” PQ-381-son qarori bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-sonli qaroriga asosan, internet tarmogʻi orqali chakana savdoni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari davlat reyestrida marketpleys sifatida roʻyxatdan oʻtishlari kerak. Bundan tashqari, ushbu nizomga muvofiq onlayn-NKM, virtual kassa, marketpleys tushunchalari soliq qonunchiligida "nazorat-kassa texnikasi" sifatida tasniflanadi, shunga koʻra marketpleyslar ushbu marketpleys orqali realizatsiya qilingan tovarlar uchun cheklarni majburiy ravishda shakllantirishi kerak.
Bunda Soliq kodeksining 250 va 463-moddalariga muvofiq komitent va vositachida soliq bazasi quyidagicha shakllantiriladi:
1) vositachida (ishonchli vakilda) - uning soliqni oʻz ichiga oladigan vositachilik haqi miqdorida;
2) komitentda (ishonch bildiruvchida) - komissionerning (ishonchli vakilning) komitent (ishonch bildiruvchi) topshirigʻiga koʻra sotilgan tovarlar qiymati, shuningdek komissioner (ishonchli vakil) tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim asosida komitent (ishonch bildiruvchi) tomonidan uchinchi shaxsga koʻrsatilgan xizmatlar qiymati miqdorida, bunda soliq kiritilmaydi.
Vositachilik shartnomasi boʻyicha realizatsiya qilinadigan tovar onlayn-NKM (onlayn-NKM, virtual kassa, marketpleys va toʻlov xizmatlari) cheklarida qoʻshimcha rekvizit bilan aks ettirilishi lozim.
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma vositachining emas, balki komitentning hisobotlarida aks ettirilishi uchun vositachi cheklarda komitentning STIRini koʻrsatishi kerak.
Yuqoridagilarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi elektron tijorat operatori boʻlish uchun faqat yuridik shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishi lozim.
Norezidentga tegishli boʻlgan tovar elektron tijorat platformasi yordamida xaridorga yetkazib berilgandan soʻng mablagʻlarni sotuvchiga oʻtkazib berishda elektron savdo platformasi operatori tomonidan toʻlov manbaida norezident daromad soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlov manbaida ushlab qolinib, davlat budjetiga toʻlab berishi lozim, bunda soliq hisobotlarini oʻz vaqtida soliq organiga taqdim qilishi lozim boʻladi.
Elektron tijorat operatorining Oʻzbekistonda faoliyat yuritishi uchun ruxsat berish tartib tamoyili boʻyicha vakolatli boʻlgan organ Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boʻlganligi sababli mazkur masalada Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi murojaat qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.